Maxfiylik siyosati
2026-yil 13-sentabr
Bu yerda qanday ma’lumot yig‘ishimiz, nima uchun va kim ko‘rishi mumkinligi yozilgan. Qisqa, chunki biz kam ma’lumot yig‘amiz.
Nima yig‘amiz
Hisob uchun: pochta manzilingiz, ismingiz (yozsangiz) va parol xeshi. Parolning o‘zini saqlamaymiz va tiklab bo‘lmaydi.
Kirish uchun: qaysi qurilma va brauzerdan kirganingiz, IP manzil va shahar — bu «Xavfsizlik» bo‘limida sizga ham ko‘rinadi, begona kirishni sezishingiz uchun.
Loyiha uchun: kod manbasi (repozitoriy manzili yoki yuklangan fayllar), qurish jurnallari va saytingizga kunlik tashriflar soni. Tashrif statistikasi shaxsni aniqlamaydi.
To‘lov uchun: qaysi tizim orqali, qancha va qachon to‘laganingiz. Karta raqamingiz bizga umuman kelmaydi — u to‘lov tizimida qoladi.
Muhit o‘zgaruvchilari
Siz kiritgan maxfiy qiymatlar (bot tokeni, baza paroli) shifrlangan holda saqlanadi va faqat sizning konteyneringizga uzatiladi. Ularni panelda biz ham ko‘rmaymiz.
Qurish jurnaliga tushib qolmasligi uchun bu qiymatlar jurnaldan avtomatik olib tashlanadi.
Kim ko‘radi
Ma’lumotingizni sotmaymiz va reklama uchun bermaymiz.
Platformani yurituvchi xodimlar sizning hisobingizni va loyihalaringiz holatini ko‘radi — bu qo‘llab-quvvatlash uchun kerak. Har bir bunday harakat yozib boriladi.
Uchinchi tomonlar faqat kerak bo‘lganda: to‘lov tizimlari (Payme, Click), sertifikat beruvchi (Let’s Encrypt), server ijarachisi va xabar yuborish uchun Telegram.
Qancha saqlanadi
Hisobingiz ochiq turgan davrda. Hisobni o‘chirsangiz, loyihalaringiz va fayllaringiz o‘chadi; to‘lov yozuvlari esa buxgalteriya talabi bo‘yicha saqlanadi.
To‘lanmagan loyihaning fayllari to‘xtatilgandan 90 kun keyin o‘chadi.
Sizning huquqingiz
Ma’lumotingizni so‘rashingiz, tuzattirishingiz yoki o‘chirtirishingiz mumkin. Yozing — javob beramiz.
Telegram: @livops_uz · Pochta: salom@livops.uz